Federatsiya uchta sportchiga nisbatan intizomiy chora ko‘rishni muhokama qilmoqda
O‘zbekiston professional boks federatsiyasi Samandar Reimbaev, Og‘abek Abdumuminov va Bobur Abdulazizovga nisbatan intizomiy chora masalasini ko‘rib chiqmoqda.

O‘zbekiston professional boks federatsiyasi Samandar Reimbaev, Og‘abek Abdumuminov va Bobur Abdulazizovga nisbatan intizomiy chora ko‘rish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Federatsiya bayonotiga ko‘ra, sportchilarga shartnoma majburiyatlarini buzish va sport etikasi qoidalariga rioya qilmaslik bilan bog‘liq e’tirozlar bildirilgan. Eng jiddiy variant sifatida ularni musht jangi va professional boks musobaqalarida vaqtincha qatnashishdan chetlashtirish ko‘rib chiqilmoqda.
Federatsiya, shuningdek, Nomad League bilan O‘zbekistonda turnirlar o‘tkazish va ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni vaqtincha to‘xtatishi mumkin. Hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Tegishli materiallar huquqiy va intizomiy baholash uchun vakolatli tashkilotlarga taqdim etilishi mumkin.
OCTAGON tashkilotidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Reimbaevning rekordi 3-2-0, u OCTAGON BMF reytingida 9-o‘rinda turadi. Abdumuminovning rekordi 4-1-0, reytingda 4-o‘rinda. Abdulazizovning rekordi 24-13-0, u welterweight reytingida 10-o‘rinda. Abdulazizov 3-oktabr kuni OCTAGON 92 turnirida Wallison Henrique’ga TKO bilan yutqazgan.








